21 июл 2022

“Yodgorlik” ipakchilik fabrikasi yoki “oʻtmishning bugungi orolchasi”

Men ushbu brendni taniqli qilganimdan, uni oʻzgarish va toʻsiqlarga qaramasdan saqlab qolganimdan cheksiz faxrlanaman. Men oʻzimdan keyin qandaydir nur qoldiryapman, degan fikr menga xush keladi. Bu ishga mening hayotim bagʻishlangan

Oʻtmishni bilmasdan, kelajakni qurib boʻlmaydi. Biror bir yurt haqida nazariy ma’lumotlarga ega boʻlish yaxshi, biroq uning diqqatga sazovor joylariga tashrif buyurib, mamlakatni yangidan kashf etish boshqacha. Masalan, Oʻzbekiston Goʻri Amir maqbarasi, Shohizinda majmuasi yoki Tilla qori madrasasi bilan cheklanmaydi — butun respublika boʻylab noyob madaniy yodgorliklar va e’tiborga loyiq koʻplab joylar mavjud. Shulardan  biri — “Yodgorlik” ipakchilik fabrikasi.

yodgorlik

“Yodgorlik” - Oʻzbekistondagi eng yirik ipak mahsulotlarini ishlab chiqarish fabrikasi. Korxona 1972-yil qurilgan, 2000-yilda esa xususiylashtirilgan va “Yodgorlik” MCHJga aylantirilgan.

 

Margʻilon qadimdan Markaziy Osiyoning muhim geografik nuqtasi hisoblangan. Ushbu shahardan Buyuk ipak yoʻli oʻtgani bois bu yerda madaniyat va savdo yuqori darajada rivojlangan. Margʻilon ayniqsa sharq ustalarining noyob texnologiyalari yordamida ishlab chiqarilgan ipak mahsulotlari bilan dong taratgan. Shahar aholisi asrlar davomida oʻz an’analarini saqlab, avloddan avlodga, oʻqituvchidan oʻquvchiga oʻtkazib kelgan.

yodgorlik

Xoʻsh, ushbu fabrika nimasi bilan qiziq? Bugun iste’molchilar tovarlarga ularning faqat ekologik jihatdan toza va qoʻlda tayyorlanganligi uchun ortiqcha pul toʻlashni xohlamaydi. Ipakka kelganda ham, dunyoga koʻproq tanish boʻlgan xitoy mahsulotini xarid qilish mumkin. Biroq gʻumbak paydo boʻlishidan boshlab kiyim tikilishigacha boʻlgan ishlab chiqarish jarayoni haqida ma’lumotga ega boʻlgach, kishida chuqur his paydo boʻladi va u oʻtmishning bir qismini qoʻlga kiritishni xohlaydi.

 

Fabrika haqida hikoya koʻplab voqealarning guvohi boʻlgan 120 yoshli daraxtdan boshlanadi. Ushbu eski daraxt fabrikaning timsoliga aylangan. 

yodgorlik

Endi jarayon haqida soʻz yuritamiz. Hammasi aprel oyida, tut daraxtining barglari yigʻilib, ipak qurtlariga ozuqa uchun beriladigan davrdan boshlanadi. Ushbu sikl 4 oy, pilla tayyor boʻlgunga qadar davom etadi. Soʻng oʻralgan gʻumbakni ipak qurti jon berib, keyingi ishlov berish jarayoniga xalal bermasligi uchun oftobning kuydiruvchi nurlari ostiga joylashtirishadi. Keyin ipak tolalarini yuvish va yumshatish maqsadida pillalar qaynoq suv solingan chanlarga tashlanadi. Iplar parrakdan oʻtkazilib, yana suvga choʻktiriladi va maxsus sovunli eritma bilan yuviladi. Bitta pilladan 2 kilometrgacha uzunlikdagi ipak tolasini olish mumkin. Sezgan boʻlsangiz, jarayonda yangi texnologiyalardan foydalanilmaydi, ximiyaviy mahsulotlar va katta miqdordagi energiya talab etilmaydi. Shuningdek, ta’kidlash joizki, ish jarayonida birorta ham mahsulot tashlab yuborilmaydi. Shikastlangan pillalar ham qayta ishlanadi va sifatsizroq buyumlarni tayyorlash uchun ishlatiladi. Hatto ipak qurtlaridan ham xalq tabobatida dori sifatida foydalaniladi. 

yodgorlik

Margʻilonlik ustalar tabiiy boʻyoqlardan foydalanishadi. Hammasi boʻlib beshta boʻyoq ishlatiladi: jigar rang olish uchun yongʻoq poʻsti, yashil rang uchun uzum barglari, sariq rang uchun qoqi oʻt guli, qizil rang uchun anor poʻstlogʻi va koʻk rang uchun nil boʻyogʻi - barcha oʻsimliklarni (oxirgisidan tashqari) fabrika territoriyasida topish mumkin. Hatto naqshlarning ilk chiziqlari oddiy tuproq yoki kul bilan surtiladi. Boʻyash jarayoni ikki bosqichga boʻlinadi: rassomlar oq ipakda belgilar qoldirib, naqsh tuzadi, soʻng kerakli qismlarni tasma bilan oʻrab, boʻyoqqa joylaydi. Matoga kerakli rang berish ulkan vaqt va mehnatni talab qiladi. Tarkibiga qarab, matolar adras (ipak va paxtaning aralashmasi) va atlasga (toza ipak) boʻlinadi.

yodgorlik

Keyin material yigiruvchilarga gilam tikish uchun beriladi. Bitta gilam ustida ishlash 10-12 oygacha choʻzilishi mumkin, chunki har bir millimetr qoʻlda qilinadi va buyurtmachi taqdim etgan eskiz bilan taqqoslanadi. Hozir ustaxonada ikkita yigiruvchi ishlaydi va 8 soat ichida ular mahsulot tizmasining 1 santimetrini ishlab chiqaradi. Ishchilarning qoʻllarida eski filmlarda uchratish mumkin boʻlgan oddiy asboblar. Bu yerda hech qanaqa yangi texnika ishlatilmaydi, barchasi qadimgi an’analarga mos kelishiga e’tibor qaratilgan. Bu Margʻilon buyumlariga qoʻshimcha joziba bagʻishlaydi. Aynan ular bizga, agar gilamdagi naqsh ikki tomondan koʻrinsa, demak bu qoʻl mehnati ekanligini aytib turadi.

yodgorlik

Ushbu ikki yigiruvchi ayol oʻz kasbini bolalagida oʻrgangan va hozirga kelib 15 yillik tajribaga ega. Ular bilan biroz suhbat qursangiz, ayollar oʻz ishini chin yurakdan sevishiga amin boʻlasiz. Ularning qoʻllari bilan oʻtmishning goʻzalligi bugun aks etmoqda. Yigiruvchilar tayyorlagan buyumlar dunyoning muzeylarida saqlanishi yoki koʻrgazmalarda odamlarning koʻzlarini quvontirishi ularning ogʻir mehnatiga oʻzgacha mazmun bagʻishlaydi. 

 

Keyingi manzil - kiyim tikish uchun atlas gazlama ishlab chiqariladigan ustaxona. Bu yerda avval oʻnlab usta ayol ishlagan, hozir esa qoʻlda yasalgan yogʻoch toʻqimachilik dastgohi atrofida bitta ishchini koʻrish mumkin. Ayolning ish joyiga nazar solar ekanmiz, avlodlarimizning donoligiga tasanno aytishga majbur boʻlamiz. Chunki bundan bir necha asrlar oldin bu kabi murakkab mexanizmni yaratish uchun yuqori darajadagi aql-idrok va bilimga ega boʻlish talab etilgan.

yodgorlik

Bugun fabrikada jami 47 kishi ishlamoqda, qachonlardir ishchilar soni mingga yaqin boʻlgan. An’analar unutilib borilayotgani va koʻplab qadriyatlar oʻzgarayotganiga qaramay, “Yodgorlik” ishchilari oʻz gʻoyasiga sodiq qolmoqda. Biz ushbu korxonaning direktori Azamxon Abdullayev bilan suhbatlashdik va fabrikaga uning nigohi bilan nazar tashlashga urinib koʻrdik.

Azamxon hozirgi lavozimidan oldin fabrikada 8 yil hisobchi boʻlib ishlagan. Uning aytishicha, bu yerda tashkiliy va ijodiy aspektlarning balansi muhim. Uning ipakchilikka boʻlgan muhabbati Moskva muzeyida Margʻilon matolarini uchratgan kunidan boshlangan. Gʻurur hissi Abdullayevni ipakchilik tarixini oʻrganishga, muzey va yozma manbalardan ma’lumot yigʻishga, shuningdek, eski ustalarni topib, qadimgi barcha an’analar sirlarini bilib olishga undagan. 1989-yil Azamxonni fabrika direktori lavozimiga tayinlashgan. U soha istiqbolini koʻrgach, oʻz ishiga jiddiy kirishgan: turli xil koʻrgazmalarda ishtirok etishni, turizmni rivojlantirishni va Britaniya uyushmasi, GIZ nemis markazi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilishni boshlagan. Bu koʻplab ustalarni yetishtirgan “Yodgorlik” maktabining rivojlanishiga oʻziga xos turtki boʻldi. Aynan ushbu fabrika 1991-yil Oʻzbekistonda ilk milliy matolar koʻrgazmasini tashkil etdi. Koʻp sonli integratsiyalar natijasida “Yodgorlik” Margʻilonda oʻziga xos turizm markaziga aylandi va bu, oʻz navbatida, hududda hunarmandlik va  toʻqimachilik biznesining taraqqiy etishiga imkon yaratdi.

yodgorlik

«Men ushbu brendni taniqli qilganimdan, uni oʻzgarish va toʻsiqlarga qaramasdan saqlab qolganimdan cheksiz faxrlanaman. Men oʻzimdan keyin qandaydir nur qoldiryapman, degan fikr menga xush keladi. Bu ishga mening hayotim bagʻishlangan».

 

Shunday qilib, qiyinchilik va omadsizliklarga qaramay, “Yodgorlik” oʻz faoliyatini davom ettirmoqda. Ushbu fabrika avlodlarimizning merosini asrab-avaylab bizni buyuk oʻtmishimiz bilan bogʻlab kelmoqda. Agar siz Fargʻona vodiysiga borsangiz, ushbu qadimgi an’analar orolchasiga albatta tashrif buyuring. Qoʻlda tayyorlangan yuqori sifatli materiallardan tashqari, siz bu yerda dilingizni shod etadigan unutilmas taassurotlarga ham ega boʻlasiz

yodgorlik
yodgorlik
yodgorlik
yodgorlik
6 Фото

SIZGA BU QIZIQARLI BO'LISHI MUMKIN

Pullarni uyda saqlash xavfli. Nima uchun, deysizmi? Mana, bunga 4 ta sabab

Oʻqish
Ta'lim · 07 феврал 2024

Sandiqqa solingan pullar yoki bankdagi omonat — jamg‘armalarni qanday saqlash kerak

Oʻqish
Ta'lim · 14 май 2024

Qalloblar sizni yana qanday aldash mumkinligini oʻylab topishdi

Oʻqish